Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasida zamonaviy gemodializ bo‘limi ochildi. Bo‘lim 5 o‘rinli, yuqori sifatli jihozlar, ehtiyot qismlar va hamkorlar jamoasi bilan jihozlangan. Endi bemorlar tumanning o‘zida davolanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur bo‘lim nefrologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi.

Aholiga sifatli va qulay tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida, shuningdek Davlatimiz rahbarining 2025 yildagi tashrifida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasida yangi gemodializ bo‘limi tashkil etildi.

Mazkur bo‘lim zamon talablariga to‘liq javob beradigan, uzluksiz faoliyat yuritishga mo‘ljallangan bo‘lib, 5 o‘rinli qilib jihozlandi. Bo‘lim zamonaviy gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarf materiallari bilan to‘liq ta’minlandi. Shuningdek, yuqori malakali shifokorlar va tajribali hamshiralar jamoasi shakllantirilib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Endilikda nefrologik kasalliklarga chalingan bemorlar tumanning o‘zida davolanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ilgari esa gemodializga muhtoj 41 nafar bemor viloyat markazi hamda qo‘shni tumanlarga borib, navbat kutib muolaja olishga majbur edi.

Yangi tashkil etilgan bo‘lim surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatib, ularning hayot sifati va umr davomiyligini oshirishga xizmat qiladi.

Gemodializ — bu o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligida qonni sun’iy tozalash usuli bo‘lib, yuqori texnologiyalar va zamonaviy tibbiyot standartlariga asoslangan holda amalga oshiriladi.

Yakkabog‘ tumanida bunday bo‘limning tashkil etilishi aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Laziza Allayorova

Qashqadaryo viloyai sog`liqni sqqlash boshqarmasi matbuot xizmati