Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Boboev vohamizda faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy tibbiyot muassasalari vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Tadbirda Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mirshod Qurbonov ham ishtirok etdi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Qarshi jamoat salomatligi texnikumi majlislar zalida tashkil etilgan tadbirda ikki boshqarma rahbarlari tizimda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ishbilarmonlarga sohada xususiy sektor rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berishdi.

Qayd etilishicha, viloyatimizda 702 ta xususiy tibbiyot muassasasi mavjud bo‘lib, shulardan 564 tasida ambulator (80.3%) va 138 tasida (19.7%) statsionar sharoitda 70 turdagi ixtisoslik bo‘yicha aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Yil boshidan buyon Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 14 ta xususiy tibbiyot muassasasiga belgilangan tartibda litsenziya asosida faoliyatga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, viloyatda mavjud xususiy tibbiyot muassasalaridan 18 tasining faoliyati kengaytirildi.

Xususiy tibbiyot muassasalarida jami 4804 ta shifo o‘rni mavjud bo‘lib, ularda jami 3696 nafar (shundan 1356 nafar shifokor, 1955 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va 385 nafari boshqa xodimlar) faoliyat yuritib kelmoqda.

Viloyatdagi nodavlat tibbiyot muassasalarida 2023 yil davomida jami 1 987 000 nafar, 2024 yilning 3 oyi davomida 633 180 nafar bemor davolangan.

Prezidentimizning 2024 yil 9 fevraldagi PQ-67-sonli “Qashqadaryo viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2024-2026 yillar davomida xususiy tibbiyot sektorida umumiy qiymati 500 milliard so‘mlik 100 ga yaqin loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 70 ta yangi nodavlat tibbiyot muassasasi ochilishi va 30 ta xususiy tibbiyot muassasasi o‘z faoliyatini kengaytirishi hamda bu orqali 1000 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Tizimda tadbirkorlik sub’ektlariga bir qator imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi PF-5718-sonli “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida yagona nizom tasdiqlanib, faoliyatni amalga oshirish uchun talab va shartlar, litsenziya olish uchun ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi, litsenziyani qayta rasmiylashtirish, muddatini uzaytirish va o‘zgartirish, amal qilishini to‘xtatib turish, bekor qilish va to‘xtatish, litsenziyalanadigan faoliyatlarni nazorat qilish tartibi, litsenziyalovchi organlar qarori va ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish tartibi, litsenziyalar reestrini yuritish tartiblari ancha osonlashtirilgan.

Prezidentimizning 2024 yil 9 fevraldagi PQ-67-sonli “Qashqadaryo viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan quyidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirish rejalashtirilgan:

Qarshi shahridagi viloyat “Salomatlikni qayta tiklash shifoxonasi”; Kitob tumanidagi sobiq bolalar shifoxonasining bo‘sh turgan binolari negizida  “Infarkt va insult kasalligi asoratlarini davolash, protezlash jarrohligidan so‘ng tiklanish hamda suyak-mushak tizimi kasalliklari mavjud bemorlarni maxsus davolash muolajalarini amalga oshirishga ixtisoslashtirilgan reabilitatsiya markazlari”ni tashkil etish belgilangan.

Qarshi shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot instituti tashkil etish rejalashtirilgan. Sobiq viloyat perinatal markazining binosi tegishli qismi negizida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy tug‘uruqxona tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

2024-2026 yillarda viloyatimizda kamida 70 xususiy tibbiyot muassasasi faoliyatini tashkil etish ko‘zda tutilgan, hozirgi vaqtda shulardan 14 tasi yangidan ochildi.

Shuningdek, tadbirda sektorda tibbiy sug‘urta yo‘nalishida faollikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Muloqot davomida Alisher Boboev va Mirshod Qurbonov vohamiz tibbiyotining muhim tayanchi bo‘lgan xususiy sektor vakillari yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, xalqimizga yanada yanada samaraliroq xizmat qilishlari zarurligini qayd etdilar. Tadbirkorlarning bu yo‘nalishdagi tashabbuslari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi tomonidan hamisha qo‘llab-quvvatlanishini bildirdilar va ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdilar.

Muloqotda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xususiy tibbiyot va tibbiy turizmni rivojlantirish sho‘basining yangi bosh mutaxassisi tanishtirildi. Mazkur lavozimga ilgari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali kompyuter tomografiyasi bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Farhod Normo‘minov tayinlangani ma’lum qilindi.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.